"Nasaf"ga qarshi uchrashuvdan so'ng "Lokomotiv" bosh murabbiyi Vadim Abramov golli vaziyatlardan foydalanishda omad kelmaganini ta'kidlagani holda, hakamlar haqida gapirishni istamasligini ma'lum qildi.
"O'ylashimcha, o'yin muxlislarbop bo'ldi. Bizda bugun g'alaba qozonish uchun juda yaxshi imkoniyatlar bo'ldi. Ayniqsa hisob tenglashganidan keyin raqibimiz butkul hujumga o'tdi va bizda qarshi hujumda to'p kiritish uchun bir qator golli vaziyatlar yuzaga keldi. Afsuski, ulardan foydalanish borasida omadimiz chopmadi.
"Hakamlar... Bu haqda gapirishni ham istamayman. Ular haqida savol berildimi, demak, bilingki, ular nimanidir noto'g'ri bajarishgan. Hakamlarga baho berish mening vazifam emas.
"Biz maydonga chiqdikmi, raqibimiz kim bo'lishidan qat'iy nazar faqat g'alaba qozonishni maqsad qilamiz", - dedi Vadim Abramov uchrashuvdan keyin.
Eslatib o'tamiz, "Nasaf" hamda "Lokomotiv" o'rtasidagi Oliy Liga 5-tur uchrashuvida 1:1 hisobidagi durang natija qayd etildi.