 |
| © uz.wikipedia.org |
Insoniyat ensiklopediya degan narsani qachon kashf qilganini bilmadimu, lekin bu uning eng yaxshi va eng foydali kashfiyotlaridan biri hisoblansa, nafaqat men, balki yon-atrofdagilar ham hech hayratga tushishmasa kerak. Hozirgi g'aroyibu-ajoyib, yangiligu-axborotlarga to'la zamonamizda ko'rinishidan qo'rqinchli (kitob o'qishni yomon ko'radiganlar uchun 5 yoshli bolaning she'riy to'plamchasi ham qo'rqinchli ko'rinaveradi) ensiklopediyalarni nafaqat Alisher Navoiy Kutubxonasiga o'xshagan maskanlardan, balki hayotimizning bir bo'lagiga aylanib qolgan internetdan ham topsa bo'ladi. Real hayotda bo'lganidek, internetda ham ensiklopediyalar ko'p. Lekin ular orasida ma'lumotga eng boy hamda, eng muhimi ham shu o'zi, bepuli - Vikipediyadir (Wikipedia). Men hozir sizga uning tarixi haqida so'zlab bermoqchi emasman. Ko'rsatilgan manba bo'yicha o'tsangiz, hammasi bilan tanishib olasiz. Men bugun ushbu e-nsiklopediyada "Lokomotiv" qanchalik darajada tanishtirilganini sizga tanishtirmoqchiman. Lekin oldindan aytib qo'yay, internetda har bir ma'lumot, u ming eng ishonchli manbada e'lon qilinsa ham, nafaqat 100%, 50%i ham to'la haqiqat bo'lmasligi mumkin. Nega unday deyapman? Masalan, ingliz tilidagi Vikipediya qo'shni "Bunyodkor" haqidagi sahifada Rivaldoning 2 yillik shartnomasi uchun 14 million dollar to'lashganini ham yozib qo'yishgan. "Paxtakor" rahbarlari chernogoriyalik Darko Markovichning transfer narhini yashirishga qanchalik harakat qilishmasin, Vikipediya baribir "bilib olgan" - 300 000 yevro. "Bunyodkor" haqida yana bir qiziq ma'lumot: ko'pchilik ayni vaqtda jamoa tarkibida 4 ta legioner bor deb o'ylaydi (Gochkuliyev - Turkmaniston; Vilyanueva - Chili; Luizao, Rivaldo - Braziliya). Vikipediyaning aytishicha, Pavlos Georgussis degan gretsiyalik ham bor ekan Qosimov jamoasida. Yana kim biladi deysiz... Ha, "Lokomotiv" haqida. Umuman olganda, Vikipediya uchun "Temiryo'l kompaniyasi" jamoasi unchalik ham tanish emas. Masalan men uni faqat ingliz, fransuz hamda xitoy bo'limlarida topa oldim, xolos. Endi o'zbek bo'limida bor deb yozib o'tirmadim, bo'lmasa uyat-da endi. Bu sahifalarga kirib qanday yangilikka guvoh bo'lish mumkin? Masalan, fransuz vikipediyasida yozilishicha, "Lokomotiv" mehmonlarini qabul qiladigan stadion nomi "Sportivniy" bo'lib, u 17500 tomoshabinga mo'ljallangan ekan. Ingliz vikipediyasida ham shunday, temiryo'lchilar stadioniga 17,500 ta odam ketadi deyilgan. Lekin u yerda stadion nomi bizga ham tanishroq - JAR Sport Majmuasi. Afsus, xitoychani bilmayman. U yerda ham qandaydir yangilikka duch kelgan bo'lardim, menimcha. Ha-ya, ular ham fransuzlarning stadion haqidagi fikrlarini tasdiqlab qo'yishgan, agar to'g'ri tushungan bo'lsam. Yuqorida, o'zbekchasi bo'lmasa uyat dedik-ku, lekin bunaqasidan ko'ra bo'lmagani ham yaxshiroq aslida. Haligilarda jamoa tashkil etilgan sana, qaysi shahar jamoasi ekanligi, stadion haqida ma'lumotlar berilgan. Ingliz sahifasida lokomotiv.tash.uz'ga yo'llanma ham ko'rsatilgan. O'zbekcha sahifasida esa 5 ta so'zdan iborat bir qator gap - "Lokomotiv - O'zbekiston Oliy Ligasi ishtirokchisi". Bo'ldi! Boshqa gap yo'q... Bu yerda kimnidir ayblashdan ma'no yo'q. Ayblash kerak bo'lsa, "Loko" fanatlarini ayblash kerak. Yigitlar, nima endi, o'zingiz bilgan 1-2 ma'lumotni o'zingiz uchun qulay bo'lgan tilda ensiklopediyaga qo'shib qo'yish qiyin emas-ku, to'g'rimi? Buning ustiga ma'lumot qo'shish, tahrirlash bemalol qo'yilgan bo'lsa. Registratsiya ham shart emas, men sizga aytsam. Masalaning yana bir yechimi bor: "Lokomotiv" huddi "Paxtakor" yoki "Bunyodkor"ga kabi o'yin ko'rsatishi, faqat yuqori o'rinlar uchun harakat qilishi, Kubok o'yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi, umuman, zo'r o'ynashi talab etiladi. Jamoa yaxshi o'ynasa o'z-o'zidan natijalar ham ijobiy ko'rinish olaveradi. Xalqaro maydonda O'zbekiston sharafini "Lokomotiv" himoya qilishi ham faqat homhayol bo'lib qolmas? Ha, yana bir yo'li - jamoaga Eto'Oni taklif qilinsa... U yog'ini aytib o'tirmayman :))) Bo'shashmanglar! Futbol o'ynang! Futbol ko'ring! Futbol bilan yashang!
|