Create site free
Men uchun jamoa natijasi muhimroq - Yangiliklar - Lokomotiv Toshkent FK
Xush kelibsiz, mehmon! reGistratsiya / kirish
Yangiliklar
Men uchun jamoa natijasi muhimroq (884/0)    
© lokomotiv.tash.uz
Bu yilgi mavsumni ancha bo’sh boshlagan “Lokomotiv” 1-davra o’yinlarini 15-o’rin bilan yakunladi. Ana shunday mushkul vaziyatda jamoani bir qator yetakchi futbolchilar tark etishdi. Jumladan, Ilhom Mo’minjonov, Aziz Haydarov, Sahob Jo’rayev uchligi “Quruvchi” klubiga yo’l olgan bo’lsa, Rustma Boqiyev “Traktor” jamoasiga qaytdi. Artur Parvanov endi bekobodliklar darvozasini qo’riqlayotgan bo’lsa, Uchqun Qobilov “To’palang” jamoasidan qo’nim topdi. Bu ro’yhatni yana davom ettirish mumkin. Ularning o’rnini to’ldirish uchun ko’plab yangi o’yinchi jalb qilindi. Shulardan biri “Quruvchi”ning yosh va umidli o’yinchisi Erkin Boydullayev edi. Uni temiryo’lchilar mavsum oxirigacha ijaraga olishdi. Biroq bugungi kunda “Lokomotiv” klubini Boydullayevsiz tasavvur qilish qiyin. U qisqa vaqt ichida nafaqat asosiy tarkibdan muqim joy egalladi, balki jamoa yetalchilaridan biriga aylandi. Qiyinchilik bilan o’z mavqeini tiklab borayotgan bu jamoada Erkin Boydullayevning tutgan o’rni beqiyos. Birgina misol, u “Qizilqum” bilan bo’lgan o’yinda maydondan chetlatildi. Biroq bu hol jamoa o’yiniga jiddiy ta’sir ko’rsatmadi. Aksincha, maydonda bir kishi kam bo’lib qolgan “Loko” futbolchilari o’yinni uyushqoqlik bilan o’tkazishdi va 3:0 hisobida g’alaba qozonishdi. Ammo Muborakda “Mash’al” jamoasiga qarshi kechgan uchrashuvda Erkinning yo’qligi yaqqol bilindi va natijada poytaxtliklar yirik hisobda mag’lub bo’lishdi. Bungacha 2-davrani mutlaqo yangi tarkib bilan boshlagan jamoa darvozasiga na “Buxoro”, “Samarqand-Dinamo”, na “Paxtakor” futbolchilari bittadan ortiq gol urisholmagan edi. 22-turda yana tarkibga qaytgan Erkin Boydullayev “Toshkent derbisi”da (“Lokomotiv” – “Traktor” – 2:1) jamoasi g’alabasiga munosib ulush qo’shdi. Uning o’yin debyutida kiritgan goli oxir-oqibat “Lokomotiv”ga qimmatli uch ochkoni taqdim etdi. O’yin yakuniga yetgach o’yin qahramonlaridan biri bo’lgan Erkin Boydullayev IF muxbiriga intervyu bergandi. Quyida ana shu suhbat e’tiboringizga havola etilyapti.

- Erkin, avvalo g’alaba bilan tabriklaymiz!
- Rahmat!

- O’yin haqidagi fikrlaringiz bilan o’rtoqlashsangiz…
- Uchrashuv qiyin kechdi. “Traktor”ning yaxshi jamoa ekanligi sir emas. Biz ayniqsa 2-bo’limda qiynaldik.

- So’nggi daqiqalarda jamoa tashabbusni raqibga berib qo’ydi. Bu jismoniy tayyorgarlik talab darajasida emasligidan darak beradimi yoki ...
- Jismoniy tayyorgarligimiz borasida muammo yo’q. Tajribali murabbiy Edgar Gess davralar oralig’ida bu jihatga alohida e’tibor qaratdi. Qolaversa, “Qizilqum” bilan o’yinda bir kishi bo’lib ham so’nggi daqiqalardagina g’alabani o’z tomonimizga og’dirganimiz ham bu borada holatimiz yaxshi ekanligidan dalolatdir. Biz g’alabani saqlab qolishga harakat qildik va shu bois asosiy e’tibor himoyaga qaratildi. Raqibimizning butun jamoa bo’lib hujumga tashlanishi esa keskin qarshi hujumlar tashkil etishga imkon berdi.

- To’pga zarba bergan paytda gol bo’lishini sezganmidingiz?
- Bilmadim… Ammo darvozani to’g’ri nishonga oldim. Omadim chopib, to’p darvoza to’ridan joy oldi va u jamoamizning uchrashuvni o’z foydasiga hal qilishda muhim omil bo’ldi.

- Tez-tez uzoq masofada gol urib turasizmi?
- Ba’zida. Ammo men uchun kiritgan gollarim emas, balki jamoamning natijasi muhimroq.

- Darvoqe, jamoangiz haqida so’z ochdingiz. “Lokomotiv”ning Oliy Ligada qolish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Qolishi kerak. Agar klub rahbariyati yaxshi e’tibor qaratib tursa, hakamlik yaxshi bo’lsa, biz maqsadga erishamiz. Hozir futbolchilarning kayfiyati a’lo darajada. Bu bizga keyingi o’yinlarda qo’l keladi.

- Jamoadagi sharoitlar Sizni qoniqtiradimi?
- Yomon emas. Hozir klub rahbariyati jiddiy e’tibor qaratyapti. Bu tabiiy hol, chunki jamoa ancha qiyin vaziyatga tushib qolgan va bunday vaziyatda futbolchilarni qo’llab-quvvatlab turish o’ta muhimdir.

- Sir bo’lmasa, “Quruvchi” jamoasi bilan shartnomangiz qachon tugaydi?
- Bu jamoa bilan 1+1 ko’rinishida shartnoma imzolaganman. Bu yilgi mavsumni “Lokomotiv” jamoasida yakunlayman, so’ng yana “Quruvchi”ga qaytaman.

- “Quruvchi”ni vaqtinchalik tark etganingizga jamoa safiga bir qator yangi futbolchilar kelib qo’shilgani sabab bo’ldimi?
- Yo’q. Shunchaki, maydonda ko’proq o’ynashni xohladim. Birinchi davrada “Quruvchi” safida yetti ta uchrashuvda maydonga tushdim. Davralar oralig’ida bir qator jamoalardan takliflar bo’ldi. Ammo klub rahbarlari menga katta umid bog’lashayotganini bildirib, faqat ijaraga berishlarini aytishdi. “Quruvchi” klubi rahbarlari doimo holimdan xabar olib turishibdi. Klub vitse-prezidenti Lutfullo aka Zufarov kelgusi mavsum yana “Quruvchi”ga qaytishimni bildirgan.

- Qisqacha futbolchilik faoliyatingiz haqida to’xtalsangiz.
- Professional futbolga 2001 yilda kirib kelganman. Ikki yil davomida “Samarqand-Dinamo” jamoasi o’rinbosarlari safida to’p surdim. 2003 yilgi mavsumni Muborakning “Mash’al” jamoasida o’tkazdim. 2004-05 yillarda 1-ligada “Guliston” jamoasi sharafini himoya qilgan bo’lsam, o’tgan mavsumni Jizzaxning “So’g’diyona” klubida o’tkazdim.

- “Quruvchi”ga qanday kelib qoldingiz?
- Meni bu jamoaga Hikmat aka Ergashev taklif qildi.

- U bilan oldindan tanishmidingiz?
- Yo’q, shunchaki Hikmat aka “So’g’diyona” jamoasidagi o’yinlarimni kuzatib yurgan ekan. Qolaversa, bu jamoada Murod Otajonov ham ishlamyapti. U kishi bilan Jizzaxda birga faoliyat yuritganmiz.

- Kelgusidagi rejalaringiz...
- “Quruvchi”ning asosiy tarkibidan mustahkam joy olishni istayman. Buning uchun astoydil harakat qilaman.

Yangilikni 10.10.2007 kuni soat 00:00da fc-lokomotiv saytga qo'shdi
manba: "InterFUTBOL" gazetasi
 
Имя *:
Email:
Код *:
So'nggi yangiliklar
Intervyu
KEYINGI UCHRASHUV
18-aprel, shanba
Lokomotiv - Mash'al
 
SO'NGGI UCHRASHUV
Nasaf 1:1 Lokomotiv
tafsilot / statistika / taqvim
Lokomotiv Oliy Liga-2009da
3 Olmaliq 5 10
5 Xorazm 5 8
6 LOKOMOTIV 5 8
7 Navbahor 4 6
8 Neftchi 5 6
to'liq jadval / to'liq taqvim
   
Хостинг от uCoz
Bosh sahifa |  Loyiha haqida |  Aloqa |  Yangiliklar 
Intervyular |  Tarix |  Jamoa |  Klub |  Stadion 
Taqvim |  Jadval |  Fotoalbom |  Loyihalar 
Saytdagi ma'lumotlardan foydalanilganda lokomotiv.tash.uzga manba ko'rsatish shart! Taklif va tanqidlar uchun: mailbox@lokomotiv.tash.uz
Copyright © 2006-2008