 |
| © lokomotiv.tash.uz |
Bu ikki jamoa to’qnashuvi hamisha derbi maqomiga xos ravishda keskin va murosasiz ruhda o’tadi. Ammo bu safar ular o’rtasidagi o’yin go’yoki, rasmiyatchilik uchun o’tkazilishini tahmin qilayotgan muxlislar ham yo’q emas edi. Sababi aniq, “Lokomotiv” Oliy Ligada qolish uchun kurash olib bormoqda. Traktorsozlar esa nari borsa 7-o’rin bilan kifoyalanishlari mumkin. Chunki ulardan yuqorida borayotgan jamoalar ancha ilgarilab ketishgan. Shuning uchun ayrimlar “Traktor”ning hamshahariga yon bosishini tahmin qilayotgan edi. To’g’ri, uchrashuvda temiryo’lchilar g’alaba qozonishdi. Biroq, oldinga o’tib shuni aytish kerakki, ular bunga osonlikcha erishganlari yo’q. Keling, yaxshisi hammasini boshidan boshlay qolaylik. Maydon egalari tomonidan uyushtirilgan ilk hujumning gol bilan tugashi traktorsozlarni shoshirib qo’ydi. Burchakdan jarima maydoniga oshirilgan to’pni himoyachilar qaytarishdi. Lekin unga hammadan avval yetib kelgan Erkin Boydullayevning kuchli zarbasidan keyin to’p darvoza to’ridan joy oldi – 1:0. Ushbu goldan ruhlangan mezbonlar o’yin taqdirini uzil-kesil hal qilib qo’yish uchun hujumga tashlanishdi. 13-daqiqada tajribali Oybek Usmonxo’jayevning jarima maydoni ichida yo’llagan zarbasi ancha xavfli bo’ldi. Faqat to’pning yaqin burchakka yo’naltirilgani darvozabonga qo’l keldi. Aks holda hisob o’zgarishi mumkin edi. Birozdan so’ng “Traktor” jamoasi a’zolari raqib darvozasiga yaqin joyda “jarima” ishlashdi. Lekin mavsumning birinchi yarmini aynan “Lokomotiv”da o’tkazgan Rustam Boqiyev qulay vaziyatdan foydalana olmadi. Shundan keyin o’yin asosan maydon markazida kechdi va bo’lim oxirigacha darvozalar oldida golga tortadigan vaziyatlar bo’lmadi. Nihoyat 1-taym oxirlariga kelib temiryo’lchilar ancha jonlanib qolishdi. 41-daqiqada Boydullayev maydon markazida to’pni raqiblaridan olib qo’ydi va jamoasining tezkor qarshi hujumini boshlab berdi. O’ng qanotdan hujumchilarga yordamga yetib kelgan Zemskovning kuchli zarbasidan so’ng to’p darvoza to’siniga tegib maydonga qaytdi. Ammo Halimtoyev yaqin masofadan bo’sh qolgan darvozani nishonga ololmadi. Oradan bir daqiqa ham o’tmasdan Halimtoyev o’z xatosini tuzatdi. Uning jarima maydonchasiga uzatgan to’pini qaytarishda “Traktor” himoyachisi Bahrom Yo’ldoshev qo’pol xatoga yo’l qo’ydi va o’z darvozasini ishg’ol etib qo’ydi. O’yinning bunday borishi “Traktor” klubi murabbiylarini aslo qoniqtirmasdi. Shu sababli ular ikkinchi bo’limda maydonga yangi kuchlarni tushirishdi. Bu hol jamoa o’yinini jonlantirdi. Endi Ikromov darvozasi oldida ham xavfli vaziyatlar yuzaga kela boshladi. Lekin bu “Lokomotiv”ga tezkor qarshi hujumlar tashkil qilish imkonini berardi. 48-daqiqada shunday qarshi hujumlardan biri o’ta xavfli tus oldi. Faqat “Traktor” jamoasining baxtiga temiryo’lchilardan yakunlovchi zarbani beradigan futbolchi topilmadi. Birozdan keyin Boydullayevning yana bir zarbasi Ashurovni hushyor tortishga majbur qildi. Shundan so’ng tashabbus traktorsozlar tomonida o’tdi. Ularning navbatdagi hujumlarini qaytarishda “Loko” himoyachilari xatoga yo’l qo’yshdi va “Traktor” hujumchisi Karlen Abramov Ma’mur Ikromov bilan birga-bir chiqdi. Darvozabon hujumchini qo’pollik bilan to’xtatib qoldi va natijada 11 metrlik. Penaltini jabrlanuvchining o’zi aniq bajarib, hisobni qisqartirdi. Birozdan so’ng Muxtor Qurbonovning 20 metrlardan bergan zarbasi yuqorilab ketdi. 66-daqiqada o’yinad tub burilish yasalishi mumkin edi. Lekin Novkarovning yaqin masofadan yo’llagan zarbasini darvozabon qaytardi. Oradan ko’p o’tmay mehmonlar yana bir qulay imkoniyatga ega bo’lishdi. Chamasi 7-8 metrlar masofadan Ravshan Teshaboyev darvozani nishonga olishda xatoga yo’l qo’ydi. O’yinning so’nggi daqiqalarida Marat Miftaxuddinov shogirdlari butun jamoa bo’lib oldinga tashlanishdi. Temiryo’lchilar esa omadni qarshi hujumlardan izlashdi. Ana shunday hujumlardan birida Erkin Boydullayev darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqdi. Lekin futbolchiga sovuqqonlik yetishmadi. Keyinroq zahiradan maydonga tushgan Pavel Pavlovda ham shunday imkoniyat bo’ldi. Bu safar ham darvozabon ishonchli harakat qildi. So’nggi daqiqalarda “Traktor” jamoasi a’zolari mag’lubiyatdan qutulib qolish uchun hujumga zo’r berishdi. Ammo... O’zbekiston Oliy Ligasi, 22-tur 30-sentabr, yakshanba “LOKOMOTIV” – “TRAKTOR” 2:1 (2:0) Toshkent. “JAR”. 2000 tomoshabin. Hakam: A. Tambovtsev – 8,4. Gollar: Erkin Boydullayev, 1 (1:0); B. Yo’ldoshev, 41-o’z darvozasiga (2:0); K. Abramov, 59-penaltidan (2:1). “Lokomotiv”: Ma’mur Ikromov, Afzal Azizov, Saidkomil Akbarov, Shavkat Ahmadjonov, G’ulom Halimtoyev, Ilnur Xazigaliyev, Erkin Boydullayev, Oybek Usmonxo’jayev (Pavel Pavlov, 52), Jasur Hamroaliyev, Marsel Idiatullin (Sarvar Ibodullayev, 69), Yevgeniy Zemskov (Rustam Yoraliyev, 79). “Traktor”: Ashurov, Pochuyev, Yo’ldoshev, Qilichev, Boqiyev, Bakanov, Hasanov, Rahimov (Teshaboyev, 44), Ibragimov (Qurbonov, 46), Novkarov, To’xtaboyev (Abramov, 46). Ogohlantirish: Saidkomil Akbarov, 35. Nazoratchi: I. Rahimov.
|