 |
| © Nodirxo'ja Yuldashev |
“Lokomotiv” uchun 16-milliy chempionat bahslari oson kechmayapti. Kuchlilar safidagi birinchi mavsumida jamoa marraga 6-o’rinda yetib kelgandi. O’shanda ko’pchilik chempionatimizda yana bir kuchli, raqobatbardosh jamoa paydo bo’lganini quvonib gapirgandi. Biroq keyinchalik jamoa 2004 yilda qayd etgan jamoasini takrorlashga jazm qilolmadi. Bu yilgi mavsumda temiryo’lchilardan omad ochiqchasiga yuz o’girdimi yoki natijalar mehnatga yarasha bo’ldimi, xullas, jamoa oraliq marraga eng so’nggi o’rinda yetib keldi. Boz ustiga davralar oralig’ida jamoa tarkibini yetakchi futbolchilar tark eta boshlashdi. Olimpiyachilar sardori Aziz Haydarov, jamoa to’purari Ilhom Mo’minjonov va Sahob Jo’rayev kabi asosiy tarkib futbolchilari faoliyatlarini “Quruvchi” klubida davom ettirishga qaror qilishdi. Himoyachi Rustam Boqiyev esa yana “Traktor” klubiga qaytdi. Ular safiga darvozabon Artur Parvanov, himoyachilar – O’lmas Ikromov va Uchqun Qobilov, braziliyalik Everton hamda bir muddat o’ynovchi-murabbiy vazifasini bajargan Ravshan Bozorovlar ham qo’shilishdi. Bir so’z bilan aytganda, asosiy tarkibning yarmidan ko’pi davralar oralig’ida boshqa jamoalarga o’tib ketdi. Shunday bo’lsa-da, klub rahbariyati aslo tushkunlikka tushmadi. Ya’ni ketganlar o’rnini to’ldirish maqsadida jamoaga bir qator tajribali futbolchilar jalb qilindi. “Quruvchi” klubi a’zosi, o’z vaqtida terma jamoamiz tarkibida maydonga tushgan eng yosh futbolchi sifatida tanilgan mohir himoyachi Afzal Azizov ham shular jumlasidandir. Jarohati bois 1-davrani zahira o’rindig’ida o’tkazib yuborgan ushbu futbolchi qisqa muddat ichida “Lokomotiv”ning haqiqiy yetakchisiga aylanib ulgurdi. Biroq u temiryo’lchilarning yirik g’alabalari bilan tugagan “Lokomotiv” – “Qizilqum” uchrashuvida (20-tur) maydonga tushmadi. Buning sababini bilish maqsadida uni suhbatga tortdik. - Samarqanddagi o’yinda jarohat olgandim, - deb so’zini boshladi Afzal. – Shu bois “Qizilqum” bilan o’yinda jamoamga yordam bera olmadim. Umid qilaman, tez kunlarda sog’ayib safga qaytaman. - Afzal, suhatimizni biroz uzoqdan boshlasak. “Quruvchi” jamoasiga kelib qolishingiz qanday yuz berdi? - Bilasiz, mavsum boshida “Quruvchi” yangidan shakllana boshladi. Oliy Liganing yangi vakili bo’lgani uchun tarkibi tubdan o’zgartirildi. Bir qator tajribali va o’z vaqtida terma jamoada to’p surgan futbolchilar “Quruvchi”ga jalb qilinishdi. Chunki jamoaning oldiga jiddiy vazifalar qo’yilgandi. Menga ham taklif bilan chiqishdi. Mavsumoldi yig’inlarda jamoa safida faol ishtirok etdim. Murabbiylar sinov-nazorat o’yinlarida muntazam maydonga tushirishayotgan edi. Biroq chempionat boshlanishiga tahminan bir haftacha qolganida jarohat olib, bir oycha mashg’ulotlarda ishtirok eta olmadim. Murabbiylar menga katta umid bog’lashayotganini va tezroq sog’ayib safga qaytishimni xohlashayotganini aytishgach, hali to’la sog’aymagan bo’lsamda, mashg’ulotlarga zo’r berdim. Chunki menda o’ynashga ishtiyoq kuchlilik qildi. Lekin eski jarohatdan qutilmay turib, yangisiga yo’liqdim. Va natijada birinchi davra o’yinlarini asosan zahirada o’tkazib yubordim. - “Lokomotiv” varianti qachon paydo bo’ldi? - Davralar oralig’ida menda 3-4 ta jamoalardan takliflar bor edi. Jumladan, “Lokomotiv” klubidan ham. Mening esa oilamdan uzoqqa ketgim kelmadi va shu bois temiryo’lchilarga Oliy Ligada qolishlariga yordam berishga qaror qildim. - Aftidan, hozir jarohatlardan qutulgansiz. “Quruvchi”da qolib, asosiy tarkibdan joy olish uchun kurashib ko’rishni xohlamadingizmi? - Mening o’ynagim keldi. Chunki deyarli yarim yilcha maydon chetida qolib ketdim. Jamoada qolib, asosiy tarkibdan joy olish uchun kurashsam bo’lardi. Ammo “Quruvchi” hozir juda ham yaxshi o’yin ko’rsatayapti. Jamoa himoyachilari ham ishonchli o’yin ko’rsatishmoqda. Bu vaziyatda murabbiylar tarkibni o’zgartirishmaydi. Shunday ekan, “Quruvchi”da qolgan taqdirda ham asosiy tarkibdan joy olish amri-mahol edi. Shu boisdan klub rahbariyati meni mavsum oxirigacha “Lokomotiv”ga ijaraga berdi. Bu yerda yarim yil to’p surib, sport formamni tiklasam, yana “Quruvchi”ga qaytishim mumkin. - Jamoa bilan tuzgan shartnomangiz qachongacha amalda bo’ladi? - O’rtamizda 2008 yilning oxirigacha mo’ljallangan kelishuv bor. - “Lokomotiv”ning Oliy Ligada qolish imkoniyatini qanday baholaysiz? - Ko’pchilik, Oliy Ligada qolish uchun “Lokomotiv”ning imkoniyati pastroq, deb hisoblamoqda. Lekin biz elitada o’rnimizni saqlab qolish uchun astoydil harakat qilamiz. Hozirda barchamiz ushbu vazifani uddalash uchun bahamjihat bo’lib ish olib boryapmiz. - Yangi jamoaga moslashishda qiynalmadingizmi? - Aytarli qiyinchilik bo’lmadi. Chunki jamoada o’z ishining ustalari bo’lgan Edgar Gess, Ravshan Muqimov kabi murabbiylar ishlashayapti. Mashg’ulotlar jarayoni juda yaxshi. - Gess haqida fikringiz qanday? Edgar Yakovlevichning boshqa murabbiylardan ustun jihati nimalarda ko’zga tashlanadi? - Gess haqiqatdan ham kuchli mutaxassis. Bejizga u Rossiyaning kuchli klublarida ishlamagan. Uning boshqa murabbiylardan farqli jihati bor, albatta. Shu paytgacha qancha murabbiylar bilan ishlagan bo’lsam, birining uslubi boshqasinikiga to’g’ri kelmagan. Edgar Yakovlevichning ustun jihati, o’yinchilarni yaxshi ruhlantira oladi. Qolaversa, mashg’ulot olib borish jarayoni ham qiziqarli. Shuningdek, taktikani ham tez-tez o’zgartirib turadi. 2-davradagi har bir o’yinda yangi taktika bilan maydonga tushyapmiz. - “Lokomotiv” asosan uch himoyachi bilan harakat qilyapti. Bu hol oxirgi chiziq vakillari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. - Shuningdek, bu uslub qanot yarim himoyachilaridan ham katta hushyorlik, mehnat talab qiladi. Uch himoyachi bilan o’ynaganda yarim himoyachilar ham hujumda, ham himoyada faol harakat qilishlari lozim. Edgar Yakovlevich hozir jamoani shu uslubda o’ynashga o’rgatyapti. Ba’zida muammolar ko’zga tashlanib turadi. Ammo murabbiylar o’ng qanotda Haydar Pirnazarov hamda legioner futbolchi, turkmanistonlik Yevgeniy Zemskovlarga katta umid bilan qarashyapti. - Keyingi paytlarda bir jamoa safida uzoq to’p surmayapsiz. Buni qanday izohlaysiz? - bunga izoh shart emas. Bizda har tomonlama yaxshi shakllangan jamoa bormi o’zi? Deyarli yo’q. Faqat “Paxtakor”ni so’nggi yillarda professional klub sifatida shakllanganini aytishimiz mumkin. Endi “Quruvchi” ham shu yo’ldan boryapti. Boshqa jamoalar haqida bunday deyish qiyin. Misol uchun, sobiq jamoam – “Andijon”ni olaylik. U yerda bir qarasang, ahvol yaxshi bo’lib, homiylar klubga jiddiy e’tibor qaratishadi, bir qarasang, moliyaviy muammolar tufayli yaxshi shakllangan jamoa tarqab ketadi. “Neftchi”da ikki yil o’ynadim. Bu jamoada ham ishlay yaxshi yo’lga qo’yilgan. Lekin ba’zida klub futbolchilar oldidagi majburiyatlarini bajarmaydi. Masalan, men bilan ham shunday holat bo’lgan. Faoliyatimning ikkinchi yilida shunday bo’lgandi. Aslida futbolchilar bir jamoada uzoq muddat to’p surishni xohlashadi. Ammo klublar o’z majburiyatlarini hamisha ham bajaraverishmaydi. Bu yil “Lokomotiv” Oliy Ligada o’z o’rnini saqlab qoladigan bo’lsa, O’zbekiston Temir Yo’llar kompaniyasi rahbariyati jamoani xuddi “Paxtakor” va “Quruvchi”dek haqiqiy professional klub sifatida shakllantirishi haqida gap-so’zlar yo’q emas. Ajabmaski, yurtimizda yana bir professional klub paydo bo’lsa. - Afzal, Siz 1998 yilning oxirida uzoq horijda to’p surish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo’lgandingiz. Ammo Belgiyada o’ynash Sizga nasib qilmadi. Keyinchalik yana shunday takliflar bo’ldimi? - Yo’q, bunday takliflar bo’lgani yo’q. Bo’lgan taqdirda ham, mengacha yetib kelmagan. Bizda bu masalalar bilan odatda klublar shug’ullanishadi, futbolchilar emas. - Siz keyinchalik Rossiyaga yo’l oldingiz, biroq u yerda ham uzoq ushlanib qolmadingiz. Buni sababi nima? - To’g’ri, 2001-02 yilgi mavsumlarda Krasnodarning “Kuban” jamoasi tarkibida to’p surdim. U paytda krasnodarliklar Rossiya 1-divizionida to’p surishar edi. Lekin jamoaning oldiga Premyer-Ligaga chiqish vazifasi qo’yilgan va buni uddalash uchun “Kuban”ga bir qator tajribali futbolchilar taklif etilgandi. Jamoani Rossiyada taniqli mutaxassis Oleg Dolmatov boshqarar edi. “Kuban”dagi dastlabki mavsumni yomon o’tkazmadim. Ammo 2002 yilgi mavsumning ikkinchi yarmi meng uchun omadsiz keldi. Og’ir jarohat oldim va davolanish uchun Toshkentga keldim. Bu jarayon ancha uzoqqa cho’zildi va sog’ayganimdan so’ng menga “Andijon” jamoasidan taklif bo’ldi. U paytda bu jamoaga Hakim Fuzaylov bosh murabbiy etib tayinlangan va Andijonda kuchli jamoa shakllantirila boshlangandi. Klub homiylari jamoaga barcha sharoitlarni yaratib berishayotgandi. Xullas, andijonliklarning taklifini qabul qildim. Rossiyadan esa boshqa taklif bo’lmadi. - Bu yilgi chempionat Sizda qanday taassurot qolditrayapti? - Hamma ko’rib turibdi, bu yilgidek qiziqarli va murosasiz chempionat bo’lmagan. Chempionlik yo’lida “Paxtakor” yetarli qarshilikka duch kelyapti. 2-3 o’rinlar uchun “Neftchi” va “Mash’al” jamoalari bahs yuritishyapti. Hattoki, beshinchi o’rin uchun ham kurash qizg’in kechmoqda. “Qizilqum”, “Samarqand-Dinamo”, “Andijon” hamda “Nasaf” jamoalarida imkoniyatlar yetarli. Oliy Ligada qolish uchun esa birvarakayiga to’rtta jamoa kurashishga majbur. Yaqin orada milliy chempionatimizda bunday murosasizlik kuzatilmagan edi. Bu esa chempionatimiz saviyasi o’sganligidan dalolatdir.
|