 |
| © lokomotiv.tash.uz |
Davralar oralig’ida “Lokomotiv” rahbariyatida jiddiy o’zgarishlar sodir bo’ldi. Va yangi rahbariyat bosh murabbiylikka eng munosib nomzod sifatida Ravshan Muqimovni tanladi. To’g’ri-da, jamoani hech kim Muqimovchalik yaxshi bilmaydi. Yangi mutaxassisning muhitga moslashib olishi, futbolchilarni o’rganib chiqishi uchun ham ma’lum muddat kerak. Chempionat autsayderlari safida borayotgan jamoada es ahar bir soniyali qimmatli. Shu ma’noda klub rahbariyati to’g’ri qaror qabul qilgan, deyish mumkin. “Lokomotiv” va “Qizilqum-Oltin” jamoalari uchrashuvidan keyin biz temiryo’lchilar ustozi Ravshan Muqimov bilan suhbatda bo’ldik. - Uchrashuv haqidagi fikrlaringiz bilan o’rtoqlashsangiz. - O’yin haqida niam deyish mumkin? “Qizilqum”ning kuchli jamoa ekanligini yaxshi bilardik. Garchi jamoa asosini yoshlar tashkil qilsada, u bejizga turnir jadvalida 5-o’rinni egallab turgani yo’q. Qolaversa jamoadagi ko’pchilik futbolchilar mamlakat yoshlar va olimpiya terma jamoalariga nomzod sanalishadi. Bundan ko’rinib turibdiki, “Qizilqum” futbolchilari yosh bo’lishlariga qaramay, iqtidorli yigitlar. Shunga yarasha tayyorgarlik ko’rdik. To’g’ri tanlangan taktika va yigitlarning astoydil sa’i-harakatlari natijasida jamoa uchun juda muhim bo’lgan g’alabani qo’lga kiritdik. - Bu g’alaba “Lokomotiv” jamoasining Oliy Ligada qolish imkoniyatini oshiradimi? - Albatta. Hisobimizga uch ochko qo’shildi. Qolaversa, kuchlilar safida qolish uchun kurashayotgan jamoalarga ancha yaqinlashib oldik. Eng muhimi, bugungi g’alaba yigitlarning ruhini ko’tarishga yordam beradi. Bu esa tabiiyki, keyingi o’yinlarda jamoaga qo’l keladi. - Uchrashuvda kiritilgan gollarning ikkitasi yarim himoyachi hisobiga yozildi. Umuman, hujumchilar o’yiniga qanday baho berasiz? - Futbol jamoaviy o’yin. Unda hujumchi gol uradimi yoki himoyachi, bu unchalik muhim emas. Eng muhimi jamoa ijobiy natijaga erishsa bo’lgani. To’g’ri, bugun hujumchilarimiz o’zlarining ijobiy sifatlarini ko’rsata olishmadi. Nachora, borimiz shu. Hujumchilar raqobatdan holi deb aytolmayman. Jamoada yetarlicha hujumchilar mavjud va ularning har biri asosiy tarkibdan joy olish uchun harakat qilishyapti. Ammo asosiy hujumchilarimizga raqobatchilarning ko’pi yosh. Ularga tajriba yetishmayapti. - Hujum chizig’ini kuchaytirish choralari ko’rilmayaptimi? - Hozir qanday kuchaytiramiz? Yaxshi hujumchilarning hammasi biron-bir jamoaga tegishli. Qolaversa, zayavka muddati ham tugagan. Ixtiyorimizdagi futbolchilar bilan ushbu mavsumni tugatishga majburmiz. - Boydullayevning chetlatilishiga munosabatingiz? - Buni men emas, hakam hal qildi. Biz bunday holatda, odatda, hakamlardan noliymiz. Lekin ularga baho beradigan nazoratchi bor. Aytishim mumkinki, o’sha holatda Boydullayev atayin qo’pollik ishlatmagandi. - Unga nisbatan qandaydir jazo choralari ko’riladimi? - Buni ko’rib chiqamiz. O’sha vaziyatda o’yinchimiz ogohlantirish olishga loyiqmidi yoki yo’q? Shunga qarab yakuniy xulosaga kelamiz. - Jamoaning Oliy Ligada qolishiga ishonasizmi? - Albatta. “Lokomotiv” Oliy Ligada qoladi. Jamoani shunday holatga o’zimiz tushirdik, endi undan olib chiqish, vaziyatdan chiqib ketish ham o’zimizning zimmamizda.
|