|
"JAR" SSK futbol o'yingohi
Bosh homiysi O'zbekiston Temir Yo'llari Davlat aksiyadorlik kompaniyasi bo'lgan Toshkentning "Lokomotiv" jamoasi O'zbekiston milliy futbol chempionatining Oliy Ligasida 2004-yildan beri to'p surib kelmoqda. Shu davrga qadar jamoa o'z uy o'yinlarini poytaxtdagi "JAR" sport-sog'lomlashtirish majmuasining katta stadionida olib boradi. Jamoa Oliy Ligada ishtirok etayotganidan to bugungi kun (20.05.06)ga qadar "JAR" o'yingohida 31 uchrashuv o'tkazdi (15-4-12).Kubok uchrashuvlarida esa "Loko" raqiblari 7 marotaba "JAR"da mehmon bo'ldilar (5-0-2). Respublikada eng yaxshi stadionlardan biri deya e'tirof etilgan ushbu futbol maydonida "temiryo'lchilar" bugun (20.05.06)ga qadar umumiy hisobda 38 ta rasmiy uchrashuv o'tkazdilar. O'tkazilgan 38 uchrashuvning 20 tasi "Loko" futbolchilarining g'alabasi bilan yakunlandi. 4 uchrashuv tomonlarning o'zaro bitimi bilan yakunlangan bo'lsa, 14 ta uchrashuvda "Loko" mehmonnovozlikni "o'rniga" qo'ydi. 2004-2005 yillarda "Loko"ning "JAR" o'yingohida o'tazgan uy o'yinlarini ko'rish uchun jami 60.000 tomoshabin to'plandi (2004-yilda 34.000 (o'rtacha har o'yinga 2640 tadan), 2005-yilda 36.000 (2769)). 2004-yilda o'tkazilgan "Lokomotiv" – "Nasaf", "Lokomotiv" – "Mash'al" va "Lokomotiv" – "Neftchi" uchrashuvlariga butun jamoa tarixidagi eng ko'p tomoshabin tushdi – har uchrashuvga 5.000 tadan. 2005-yilgi mavsumda esa bu ko'rsatkich 4.000 tadan oshmadi. "Lokomotiv" – "Paxtakor", "Lokomotiv" – "Mash'al", "Lokomotiv" – "Nasaf" uchrashuvlarini aynan shunchadan tomoshabin bevosita stadionda kuzatdi (qiziq tomoni, yuqoridagi uch uchrashuvning hammasi birinchi davrada o'tkazilgan edi). "JAR"dagi "Loko" ishtirokida uchrashuvda eng kam tomoshabin 2004-yil 5-noyabr kuni 24-tur uchrashuvida kuzatildi. O'sha kuni o'yingohga kelgan futbol ishqibozlari soni 200ga ham yetmasdi. "JAR"da eng ko'p raqiblarini ranjitgan "temiryo'lchi" Marsel Idiatullin hisoblanadi. 2 yil ichida faqat "JAR"ning o'zida u 12 ta gol kiritdi. Bu borada ikkinchi o'rinda jamoaning faxriylaridan biri Oybek Usmonxo'jayev ketmoqda. U 2004-2005 yillarda kiritgan gollaridan 8 tasini aynan "JAR"da rasmiylashtirdi. Kuchli uchlikni Viktor Klishin yakunlab beradi. U 2005-yilgi mavsumda "JAR"da 5 ta gol kiritishga muvaffaq bo'ldi. Yana bir qiziqarli fakt bor, 2004-yilda "Loko" darvozasini "JAR"da ishg'ol etish bo'yicha bo'lgan musobaqada aynan Viktor Klishin birinchilikni qo'lga kiritgn edi. O'sha vaqtda "Navbahor" futbolchisi bo'lgan Klishin, keyingi yili "Loko" uchun gol kiritish poygasida uchinchi bo'ldi (hozirda u Muborakning "Mash'al" jamoasi to'p surmoqda). "Loko" darvozasini ishg'ol etish bo'yicha "turnir"da yaqqol peshqadam "Paxtakor" hujumchisi Anvarjon Soliyev hisoblanadi. Ikki mavsum davomida aynan ugina "JAR"da "Loko" darvoazasini 4 bor ishg'ol eta olgan. "JAR"da "Loko" ishtirokida bir marta qayta o'yin ham o'tkazilgan. 2005-yilda bo'lib o'tgan bu uchrashuvda ob-havo noqulayliklari (fors-major tufayli) tufayli "Buxoro" bilan o'yin 31-daqiqasida to'xtatilgan va 7-iyul kuni aynan 31-daqiqasidan davom ettirilgan. O'shanda 31-daqiqaga qadar bir gol kiritishga erishgan buxoroliklar, ikkinchi o'yinning tanaffusiga 0:2 hisobida g'olib holda chiqib ketadilar. Ammo "Lokomotiv" futbolchilari o'yingohdagi 2000 muxlis ko'z o'ngida o'z irodalarini namoyish etib, 0:2ni 4:2ga o'zgartirdilar. Hozir O'zbekiston Temir Yo'llari Davlat aksiyadorlik kompaniyasi Toshkent Temir Yo'l muhandislari instituti hududida "Sport o'yingohi"ni qurib bitkazdi. O'zbekistonda yagona bo'lgan tablo (bizningcha)ga, plastik o'rindiqlarga, ajoyib maydonga ega bu o'yingohda tez orada sevimli jamoamiz o'z uy o'yinlarini o'tkaza boshlaydi, degan umiddamiz. Ana shu yangi stadionda "Loko" o'zining hozirgacha qo'lga kiritgan unvonlaridan ham kattaroq unvonlarni qo'lga kiritishiga tilakdoshmiz! |